Toptal intervyu tajribam

April 03, 2022

drawing

Toptal intervyu tajribam

Kirish

Ushbu maqolada Toptalga kirish jarayoni va undan o’tish davomida orttirgan tajribam haqida qisqacha to’xtalib o’tmoqchiman.

Ma’lumot uchun, Toptal o’zida Top 3% dasturchilarni jamlagan va ko’pchilik manbaalarda (masalan, ushbu sahifada) eng yaxshi freelancing platformasi deya e’tirof etilgan.

Toptal o’z mijozlariga taklif qiladigan sifatli servislaridan tashqari, kirish jarayonining murakkabligi bilan ham mashhur. Kirish 4 bosqichdan iborat bo’lib, ular quyidagilardan iborat:

Bosqich nomi Izoh O’tish ko’rsatkichi
Language and Personality Til va shaxsiyat 26.4%
In-Depth Skill Review Chuqur bilim va ko’nikmalar 7.4%
Live Screening Jonli intervyu 3.6%
Test Projects Sinov loyihasi 3.2%

Manba: https://www.toptal.com/top-3-percent

Nihoyat…

Intervyu jarayoni

1. Language and Personality

Bu bosqichda “nothing so special”, ya’ni nomidan ko’rinib turganidek nomzodning ingliz tilini bilish darajasi va uning shaxsiyati tekshiriladi. Aniqroq aytganda, Toptal va siz orangizda sizga hamda ularning kommunikatsiya mutaxassisi(communication speacialist)ga qulay bo’lgan vaqt belgilanib shu vaqtda video qo’ng’iroq amalga oshiriladi.

Bu “uchrashuv” taxminan 15-20 daqiqagacha davom etib, mutaxassis sizdan siz haqingizda umumiy savollar yoki ish tajribangiz haqida so’raydi. Bu bosqichda interviewerga sizning texnik skillaringiz juda muhim emas, shuning uchun chuqur texnik terminlar ishlatib kommunikatsiya mutaxassisining “boshini qotirish” shart emas :) Ammo, umumiy qilib o’z bilimlaringizni bayon qilib berish maqsadga muvofiq (sizni shunday qilishga chorlaydigan savollar ham bo’lish ehtimoli katta, albatta). Eng asosiysi, samimiy va xushchaqchaq bo’lish sizning shaxsiyatingiz haqida ijobiy taasurot qoldirishda katta ahamiyat kasb etadi. Men tabiatan samimiy yigit bo’lganim uchun uncha qiyinchilik tug’dirmadi 😜

2. In-Depth Skill Review

Agar siz bilan muloqot qilgan mutaxassis, sizning til bilish darajangizdan va shaxsiy qarashlaringizdan qoniqsa, o’sha interview yakunida keyingi bosqichga havolani emailingizga jo’natishini aytadi. Yuborilgan emailda 2-bosqich uchun mo’ljallangan masalalarga havola bo’ladi. Xabarni qabul qilganingizdan boshlab 3 kun ichida ushbu masalalarni ishlab ko’rsatilgan platformaga topshirishingiz talab etiladi.

Masalalar haqida to’xtaladigan bo’lsak, izlanishlar natijasiga ko’ra yoki 3 ta yoki 4 ta masala (bunda soni ko’pligi tufayli har bir masala qiyinchiligi biroz osonroq) tushishi mumkin. Menga 3 ta masala berildi. Masalalarni boshlash tugmasini bosganingizdan so’ng 90 daqiqalik timer o’z ishini boshlaydi! Berilgan masalalar qiyinchilik darajasi tartib raqamiga mutanosib tarzda oshib boradi. Menga tushgan masalalar mos ravishda string va ikkita array mavzusida edi. Detallari yodimda bo’lmasada, string mavzusidagi masala standard edi. Array mavzusiga oid birinchi masala massivni to’g’ri tartiblashga tayangan holda, so’nggi masala esa heap ma’lumot strukturasini ishlatgan holda yechim yozganim yodimda.

Vaqtimning asosiy qismini so’nggi masalaga sarflagandim. Ha aytgancha, masalalarni istagan tartibda ishlashingiz mumkin, ya’ni darhol g’oya kelmasa keyingi masalaga bosh qotirib turishingiz mumkin. Masalalarni tugallaganingizdan so’ng online hakam bir necha soniyalarda 100% lik sistemada sizni baholab beradi. Bunda yechimingiz optimalligi va kiritilgan inputlarning qanchasida to’g’ri natija berishi hisobga olinadi.

3. Live Screening

O’z natijangizni bilganingizdan so’ng, agar u qoniqarli bo’lsa, sizga yana bir email yuboriladi. Unda siz o’zingizga qulay vaqt tanlab 3-bosqich video qo’ng’irog’ini rejalashtirishingiz uchun taklifnoma bo’ladi. Buni amalga oshirganingizdan so’ng sizga Toptal tomonidan biror texnik mutaxassis biriktiriladi va jonli test jarayonida u sizning kuzatuvchingiz vazifasini bajaradi.

Nihoyat… hayajonli daqiqalar… deb kutib tursangiz adashasiz, chunki darhol masalalarga o’tmasdan siz bilan biroz suhbatlashishni ma’qul ko’rib qolishlari mumkin ekan :P Albatta, bu ob-havo qandayligi haqida bo’lmaydi, katta ehtimol bilan :) Asosan, ish tajribangiz haqida qisqacha suhbat bo’ladi. Men backend/Node.js yo’nalishida hujjat topshirganim uchun ikkimiz shular haqida ham savol-javob tariqasida suhbat qildik. So’ng, oldingi bosqichdagi masalalar muhokamasi uchun vaqt ajratiladi, yechimlaringizni (qisqacha) tushuntirish va tahlil qilib berishingiz so’ralishi mumkin.

Endi hayajonli daqiqalarga qaytsak bo’ladi. Interviewer sizga birinchi masalani tashlaydi. Masala qiyinchiligi o’rta darajada bo’lsada, “peshonangiz tepasida tiqillayotgan” 15 daqiqalik timer sadolari miyangiz doimgidek xotirjam ishlamasligini ta’minlab turadi. Siz, masala va timer. Bu paytda interviewer senga halal bermaslik uchun mute holatida kuzataman dedi. Ammo, shunday bo’lsa ham o’z g’oyalaringizni gapirib turgan holda kod yozishingiz maqsadga muvofiq. “I’m done” deyishingiz bilan endi sahnada siz, yechimingiz va interviewer qolasiz. Sizga berilgan testcases’lar barchasi muvafaqqiyatli o’tgandan so’nggina keyingi masala taqdim etiladi. Yana xuddi shu qadamlardan o’tilgandan so’ng agar yechimingiz bu safar ham to’g’ri bo’lsa, uzoq kutilgan “Congratulations, ${candidate_name}” iborasini eshitasiz va keyingi bosqichga yo’llanmani qo’lga kiritasiz!

4. Test Project

Bu bosqichda sizga o’zingiz hujjat topshirgan sohangizga qarab 1 yoki 2 haftalik sinov loyihasi taqdim etiladi. Sinov loyihasi bo’lishiga qaramay, ishlab turgan web-site da qanday funksiyalar bo’lsa deyarli barchasi bo’lishi ko’zda tutiladi. Bunda sizga private git repository beriladi va siz ish jarayonida o’z update’laringizni o’sha yerda saqlab borishingiz mumkin bo’ladi. Bu vaqt davomida, sizdan o’z loyihangiz taqdimoti uchun interview vaqtini rejalashtirishingiz so’raladi. Bu interview ham oldingisi kabi taxminan bir soat davom etib, bu vaqt davomida sinov loyihamning barcha belgilangan talablarga javob berishini ko’rsatib so’zlab berdim. Undan so’ng, yozgan kodim haqida sharxlar va tushuntirishlar so’raldi. Intervew Toshkent vaqti bilan 23:00 da boshlangandi. Tungi 00:00 da yakuniy “Welcome to Toptal” jumlasini eshitdim va uxladim :)


laziz.abdullaev.dev
Profile picture

Personal blog by Laziz Abdullaev. I write clean and concise.